Foto va Video

Hindistonning “SATTE-2024” turizm ko‘rgazmasida O‘zbekiston milliy stendi namoyish etildi

22.02.2024 113

Shu kunlarda, 2024-yil 22-fevraldan Hindistonda “SATTE Travel Expo 2024” 31-xalqaro turizm ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. O‘zbekiston delegatsiyasi yirik “India Expo Mart” ko‘rgazma majmuasida mamlakatimiz milliy stendini namoyish etmoqda.

Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi hamda “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi, shuningdek, Oʻzbekistonning mahalliy sayyohlik kompaniyalari, jumladan, “Baxtli Travel”, “UZINTA” (Oʻzbekiston-Hindiston turizm uyushmasi), “Enjoy Travel”, “Team and Co” vakillaridan iborat.

Bu yil ko‘rgazmada 50 mamlakatdan 1200 dan ortiq eksponentlar ishtirok etmoqda. Tadbir davomida turizmning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan seminar va davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda.

Shuningdek, ko‘rgazmada yetakchi xalqaro sayyohlik kompaniyalari mashhur yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zlarining eng yaxshi takliflarini taqdim etmoqda, o‘zaro tajriba almashib, turli sektor va segmentlarda turizmni rivojlantirish strategiyalarini muhokama qilmoqda.

Ko‘rgazma davomida delegatsiyamiz vakillarining Hindiston va boshqa mamlakatlardagi yirik sayyohlik kompaniya va tashkilotlari bilan B2B formatida o‘tkazgan ishbilarmonlik uchrashuvlari O‘zbekiston ishbilarmon doiralari va xorijiy hamkorlar o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatish imkonini beradi.

Uch kun davomida, 22-fevraldan 24-fevralga qadar delegatsiyamiz aʼzolari tomonidan yangi sayyohlik mahsulotlari taqdim etiladi, shuningdek, joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyodagi eng yirik turizm tadbiri – Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2024)da ishtirok etish boʻyicha hamkor mamlakatlar va yirik tashkilotlarni jalb etish boʻyicha muzokaralar tashkil etiladi.

Ma’lumot uchun:

“SATTE” - har yili Mumbay va Dehlida o‘tkaziladigan Janubiy Osiyodagi eng yirik sayohat va turizm ko‘rgazmasi. “SATTE” mahalliy va xalqaro xaridorlar hamda sayohat, turizm va mehmondo‘stlik sanoati mutaxassislari, shuningdek, milliy va davlat turizm kengashlari uchun keng qamrovli platformani taklif etadi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing