Janubga boryapmiz: Surxondaryo osmoni ostidagi 20 ta tarixiy va tabiat yodgorliklari

21952

Surxondaryo viloyati uzoq vaqt sir bo‘lib keldi. XIX asrning oxirgi choragigacha Hisor tizmasining janubida joylashgan togʻlar deyarli oʻrganilmagan edi. 1875-yilda “Hisor ekspeditsiyasi” davomida Surxondaryo viloyatining yangi xususiyatlari kashf etila boshlandi. Maʼlum boʻlishicha, Surxon vohasi tekislikning pastida joylashgan boʻlib, sharqdan, shimoldan va gʻarbdan togʻ tizmalari bilan o‘ralgan. Janubdan vohani Oʻrta Osiyodagi eng sersuv daryo – Amudaryo yuvib turadi. Geografik joylashuvi hamda orografik xususiyatlari mintaqaning o'ziga xos iqlimini shakllantirgan. Hisor tizmasining gʻarbiy cho‘qqilari vodiyni sovuq havo massalarining kirib kelishidan himoya qiladi, janubiy tomoni ochiqligi esa issiq tropik havoning kirib borishi uchun zamin yaratadi.

Surxondaryoning iqlimi va geografiyasi tarixiy obidalar, qadimiy shaharlar xarobalari, tabiat yodgorliklari va boshqa diqqatga sazovor joylarni deyarli asl holicha saqlab qolish imkonini berdi. Surxondaryo qiziqarli sayyohlik maskani bo‘lib, bu yerda O‘zbekistonga xos bo‘lmagan arxitekturani, qadimiy davrning rang-barang binolarini ko‘rib, ushbu hududning noyob, o‘ziga xos madaniyati bilan tanishish mumkin.

Ma’lumki, Iskandar Zulqarnayn, Chingizxon, Ibn Battuta, Rui Gonsales de Klavixo kabi tarixiy shaxslar Surxondaryodan o‘tganlar. Surxondaryo qadimdan ko‘hna So‘g‘diyona shaharlarini Baqtriya va Hindiston bilan bog‘lab turgan. Bu joy har doim sayohatchilarni, tadqiqotchilarni va sarguzasht ishqibozlarini o‘ziga jalb qilgan. Biz Surxondaryo viloyatining ko‘rishingiz kerak bo‘lgan eng diqqatga sazovor joylari haqida hikoya qilamiz.

1. Qirqqiz qal’asi

Qirqqiz qalʼasi — Termiz tumanida joylashgan, IX-X asrlarda qurilgan meʼmoriy yodgorlik. Hozirgi vaqtda yodgorlikning vayronalari saqlanib qolgan bo‘lib, ular ming yilliklardan keyin ham qadimiy inshootning avvalgi ulug’vorligini ko‘rsatib turibdi. Tadqiqotchilar bu tuzilma o‘tmishda qanday vazifani bajarganligi haqida turli farazlarni ilgari suradilar. Balki bu inshoot qadimda shahar chetidagi zodagonlar saroyi, ayollar madrasasi, xonaqoh yoki karvonsaroy bo‘lgandir. Ammo ko‘pchilik tarixchilar bu bino Ko‘hna Termizning mudofaa qal’asi bo‘lib xizmat qilgan, degan fikrga qo‘shilishadi.

2. Kokildor ota xonaqohi

Kokildor ota xonaqohi Termiz shahrida joylashgan boʻlib, XI asr oʻrtalarida qurilgan. Bu bino musulmon olamida hurmatga sazovor bo‘lgan muqaddas qadamjodir. Xonaqoh o‘zining g‘ayrioddiy loyihasi va me’morchiligi bilan ajralib turadi. Tadqiqotchilarning fikricha, bino XV asrda qayta qurilgan, ya’ni old tomondagi ochiq devorga ulug‘vor ayvon qo‘shilgan.

3. Sulton Saodat majmuasi

ensemble sultan saodat

Sulton Saodat - Termiz sayidlari qabri joylashgan maqbaralar majmuasi. IX asrda Termiz sayidlari sulolasi shakllanib, ular davlat rivojiga katta hissa qoʻshganlar. Bu mintaqaning ko‘plab aholisi o‘zlarining kelib chiqishini qadimgi sulola bilan bog‘lashadi. Asosiy maqbaralar majmuasi XII asrda, qolganlari XV-XVII asrlarda yonma-yon qurilgan. Ular uzun hovlining ikki tomonida joylashgan bo‘lib, tomli va gumbazli to'rtta zaldan iborat.

4. Said Vaqqos maqbarasi

Said Vaqqosning to‘liq ismi Ahmob ibn Abu Said Vaqqos Termiziydir. Bu olimning hayot yillari va ijodiy faoliyati haqida aniq ma’lumotlar saqlanib qolmagan. U Imom al-Hakim at-Termiziy yashagan Bug qishlog‘i yaqinida dafn etilgan. Said Vaqqos ham Imom Termiziy kabi Sayidlar avlodidan, degan taxmin bor. Olimlarning fikricha, Sheroboddagi Abdulla Said Vaqqos maqbarasi XI-XII asrlarda qurilgan. Demak, Abdulloh Said Vaqqos at-Termiziy ancha ilgari yashagan.

5. Hakim at-Termiziy majmuasi

Al-Hakim at-Termiziy majmuasi noyob meʼmoriy yodgorlik va musulmonlarning muqaddas ziyoratgohi hisoblanadi. U Eski Termizning chekkasida joylashgan. Maqbarada buyuk islom arbobi Abu Abdulloh ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy dafn etilgan bo‘lib, bu zot xalq orasida hurmat bilan “Termiz otasi” deb atalgan. At-Termiziy majmuasi hududida yana bir qancha qiziqarli, diqqatga sazovor joylar mavjud. Bular chillaxonalar, ya’ni miloddan avvalgi V-X asrlarga oid qadimiy gʻor inshootlari, qadimiy Tarmita shahri (Eski Termiz) xarobalari va Termiz shahri muzeyi.

6. Fayoztepa buddaviylar ibodatxonasi

Miloddan avvalgi I asrdan milodiy III asrgacha bo‘lgan davrga oid Fayoztepa yodgorligi ibodatxonalar majmuasi bo‘lib, Eski Termiz hududida, Amudaryo sohillari va qadimgi karvon yoʻli oraligʻida joylashgan. Bir vaqtlar bu yerda uchta katta bino bor edi: ma’bad, ibodatxona va yordamchi xonalari bo‘lgan hovli. Majmua bugungi kungacha o‘zining ulug‘vorligi va g‘ayrioddiy shakli bilan hayratda qoldiradi.

7. Qoratepa budda g‘or ibodatxonalari majmuasi

Qoratepa — Eski Termizning shimoli-sharqiy qismida joylashgan budda ibodatxonalari majmuasi. Yodgorlik 3 ta tabiiy tizma ustida qurilgan. Umumiy maydoni 8 gektardan oshadi. Qoratepada birinchi buddaviylik ibodatxonalari milodiy I asr boshlarida paydo boʻla boshlagan. Ma’bad majmuasining gullab-yashnagan davri eramizning II-III asrlariga to'g'ri keladi.

8. Kampirtepa qal’asi


Kampirtepa - Termiz shahridan 30 km uzoqlikda, Amudaryoning oʻng qirgʻogʻida joylashgan qadimiy shahar. 2018-yilda arxeologlar Iskandar Zulqarnaynning qarorgohi bir paytlar shu yerda – Oks (Amudaryoning boshqa nomi) bo‘yidagi qadimiy Iskandariyada joylashganligini isbotladilar. Arxeologik qazishmalar davomida buyuk sarkarda bu yerga kelgan davrga oid madaniy qatlamlar o‘rganilib, qimmatbaho buyumlar topildi.9. Xo‘jaikon tuz g‘ori

Xo‘jaikon tuz g‘ori Sherobod tumanida joylashgan bo‘lib, bir necha yildan buyon sanatoriy-kurort davolash xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Xizmatlardan biri speleoterapiya bo‘lib, bu shifobaxsh tuzli g'orda davolash turidir. Xo‘jaikon tuz g‘ori 1989-yilda topilgan. Bunday g'orda bo‘lish astma, nafas olish kasalliklari, surunkali bronxit, pnevmoniya asoratlari, shuningdek, teri kasalliklari va immuniteti pasaygan bemorlar uchun juda foydalidir. Ushbu tuz g‘orining boshqa turdagi g‘orlardan afzalligi shundaki, dengiz sathidan1200 metr balandlikda joylashganligi uchun bu yerning iqlimi quruq. Xoʻjaikon tuz gʻorining uzunligi 155 metr boʻlib, uning ichida bir-biridan harorati, namlig, bosimi va mikroelementlari bilan farqlanadigan 3 ta davolash xonasi mavjud.

10. Zarautsoy qoyatosh suratlari

Zarautsoy petrogliflari Hisor tizmasining janubi-gʻarbida, Koʻhitang togʻining sharqiy yon bagʻrlarida, Sherobod tumanida joylashgan Zarautsoy darasidagi eng qadimiy qoyatosh rasmlari hisoblanadi. 1912-yilda bu yerdan qizil angobda chizilgan 200 dan ortiq tasvir topilgan. Zarautsoy qoyatosh suratlarida itlar bilan yovvoyi buqalarni ovlayotgan odamlar tasvirlangan.Qoyatoshlarda hayvonlar, jumladan, yovvoyi buqa, it, tulki, choʻchqa, jayron, togʻ echkisi, hasharotlar va turli buyumlar (kamon, nayza, oʻroq) hamda niqobli odamlar o‘ziga xos tarzda tasvirlangan.

11. Sayrob chinori

Sayrob chinori ming yoshdagi "hayot daraxti" bo‘lib, mahalliy aholi tomonidan juda ardoqlanadi. Daraxt tanasining ichi bo‘sh, unda hosil bo‘lgan kovak shunchalik kattaki, avvallari uning ichida yigirma nafar o‘quvchi va o‘qituvchi sig‘adigan kichik maktab bo‘lgan. Hozir ichkarida kichik muzey joylashgan. Chinor tabiiy yodgorlik sifatida muhofazaga olingan bo‘lib, bu maskan mahalliy ziyoratgoh hisoblanadi.

12. Teshiktosh g‘ori

Teshiktosh g‘ori Boysuntov tog‘larida joylashgan bo‘lib, Musteriya madaniyati o‘rni ekanligi va u erdan topilgan neandertal qizning qabri bilan mashhurdir. Dafn qilingan joy atrofiga tog‘ echkisining shoxlari o‘rnatilgan bo‘lib, tevaragiga qizil bo‘yoq bilan aylana chizilgan.Shuningdek, g‘ordan 3000 ga yaqin ro‘zg‘or buyimlari va mehnat qurollari topilgan. G‘orning o‘zi dengiz sathidan 1550 metr balandlikda joylashgan. Tog‘ cho‘qqisiga chiqqach, Qarshi dashti va Derbent qishlog‘iga olib boradigan katta yo‘lni ko‘rasiz.

13. “Omonxona” sanatoriysi

Boysun tumani markazidan sharqqa eltuvchi katta yo‘l chetidagi belgi “Omonxona” sanatoriysiga yetaklaydi. Sanatoriy Omonxona qishlog‘ida joylashgan. Mahalliy oqsoqollarning aytishicha, bu yerda 700 yildan beri odamlar yashaydi. Buni qishloqdagi eski qabriston va undagi qabr toshlari ham tasdiqlaydi. “Omon” so‘zi sog‘lom, xavfsiz, tinch, osoyishta, “xona” so‘zi esa xona, joy, manzil, makon ma’nolarini bildiradi. Xullas, “Omonxona” tinchlik, salomatlik va osoyishtalik maskanidir. Katta yo‘ldan burilib, qirlar orasidan 15 kilometr yurganingizdan so‘ng qishloq markaziga yetib borasiz.

14. Xo‘ja Gur Gur ota mavzesi

Xo‘ja Gur Gur ota mavzesi Boysun tog‘larining eng diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib, bir tomonida besh yuz metrlik qoya, yana bir tomonida chuqur kanyonlar joylashgan g‘ayrioddiy ulkan cho‘qqidir. "Barcha g'orlarning otasi" – Xo‘ja Gur Gur ota tog‘ tizmasi aynan shunday nomlanadi. Bu joy faqat alpinistlar va ekstremal sportchilarnigina o'ziga jalb qilish bilan cheklanmaydi. Ushbu maskanda qadimiy ziyoratgoh va muqaddas buloqli dara ham bor.

15. To‘palang suv ombori

Surxondaryo viloyati hududida 5 ta suv ombori joylashgan boʻlib, ulardan biri Toʻpalang suv omboridir. Uning qurilishi 1982-yilda Sariosiyo tumanida boshlangan. Bugungi kunda to‘g‘onning balandligi 122 metr bo‘lib, bu joy Surxon vohasining eng so‘lim tabiatli maskanlaridan biridir. Suv omborining asosiy suv manbai Hisorning janubiy togʻ tizmalaridan oqib oʻtuvchi Qoratogʻ va Toʻpalang daryolarining irmoqlariidan hosil boʻlgan Toʻpalang daryosi boʻlib, bu daryo Amudaryoning oʻng irmogʻi hisoblanadi. Toʻpalang tojikchada “Qizil daryo” degan maʼnoni anglatadi. Daryoning uzunligi 175 km, havzasining maydoni 13500 km. Iyundan avgustgacha bo‘lgan davr oralig‘ida daryo suvi toshadi.

16. Sangardak sharsharasi

Sangardak sharsharasi Termiz shahridan 205 kilometr uzoqlikda, Sariosiyo tumani hududida joylashgan. Sangardakni haqli ravishda O‘zbekistonning eng go‘zal maskanlaridan biri deyish mumkin. Balandlikdan tushgan suv tomchilari tumanga o‘xshab havoga ko‘tariladigan milliardlab mikroskopik zarrachalarga parchalanadi. Sharshara atrofidagi qoyalar yashil yo‘sin bilan qoplangan. Mahalliy e’tiqodga ko‘ra, Sangardak hududida daraxtga kichik mato bog‘lab, tilak bildirsangiz, albatta ijobat bo‘ladi.

17. Xojaipok sog‘lomlashtirish markazi

Xojaipok bir vaqtning o‘zida ham ziyoratgoh, ham sog‘lomlashtirish maskanidir. Xojaipok ismi Abdurahmon ibn And hazratlarining laqabidir. Bu g‘or Kenagi tog‘ining etagida joylashgan. G‘orning chuqurligi mutaxassislar tomonidan to‘liq o‘rganilmagan. G'or yuzasidan oqib o'tadigan shifobaxsh buloq suvi 45 metrgacha oqib borib, kichik yerosti daryosiga quyiladi. G‘ordan sekundiga 200 litrga yaqin suv chiqadi. Suv tarkibi Semashko nomidagi Ilmiy- tadqiqot markazi laboratoriyasi tomonidan o‘rganilgan bo‘lib, u natriy, kaliy, kaltsiy, natriy bikarbonat, kremniy kislotasi, azot, temir, alyuminiy va boshqa mikroelementlarni o'z ichiga olganligi aniqlangan.

18. Dalvarzintepa yodgorligi

The ancient city of Dalverzintepa

Kushon podsholigii davri (eramizning I-IV asrlari) yodgorliklari orasida Termiz shahridan 60 km uzoqlikda, Sho‘rchi hududida joylashgan Dalvarzintepa qadimiy manzilgohi alohida o‘rin tutadi. Shahar xarobalarida olib borilgan qazishmalar davomida fil suyagidan yasalgan turli anjomlar, qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar, tangalar, yunon-Baqtriya davriga oid nafis kulolchilik namunalari topilgan bo‘lib,ularning orasida dunyodagi eng qadimgi shaxmat donalari alohida o‘rin tutadi (eramizning I-II asrlari). ).

19. Iskandar ko‘prigi

Ushbu qadimiy ko‘prik XVI asrda qurilgan bo‘lib, Hisor tog‘larining janubiy hududlarini Ko‘hna Termiz bilan bog‘lagan qadimiy savdo yo‘li o‘rnida joylashgan. Ko‘prik hozirgi Qumqo‘rg‘on tumanidagi M41 avtomagistrali yaqinida joylashgan. Mahalliy aholi uni Gʻisht ko‘prik yoki Iskandar Zulqarnayn koʻprigi deb ataydi. Mahalliy afsonada aytilishicha, bu joyni Aleksandr Makedonskiy o‘z qo‘shini bilan kesib o‘tgan. Dastlab, ko‘prik suv o‘tkazgich vazifasini bajargan va uning ostidan kengligi 20 metr va chuqurligi 10 metr bo'lgan oqim o'tgan.

20. Jarqo‘rg‘on minorasi
 
Minora Qumqo‘rg‘on va Termiz oralig‘idagi Minor qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, Sulton Sanjarning buyrug‘i bilan 1109-yilda qurilgan. Hozirda uning balandligi yigirma metrdan oshadi, lekin qurilish vaqtida qirq uch metrga yetgan. Minoraga qarab,uning bezaklaridan ko'zingizni uzolmaysiz. G‘ishtlarning mahorat bilan archa naqshida terilganligi to‘qilganlik effektini yaratadi. Minoraning ostida turganingizda, terilgan g‘ishtlar g‘isht emas, balki mato kabi ko‘rinadi. Minora bir-biriga tutashgan o‘n olti yarim ustundan iborat.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring