Tarixi va madaniyati boy O‘zbekiston faqat kattalar uchungina qiziqarli manzil bo‘lib qolmay, balki farzandli oilalar uchun ham keng ko‘lamdagi qiziqarli tadbirlarni taklif etadi. “Lonely Planet” xalqaro nashriyot kompaniyasi yaqinda O‘zbekistonda bolalar bilan birgalikda shug‘ullanish mumkin bo‘lgan sakkizta eng yaxshi mashg‘ulotga bag‘ishlangan maqola chop etdi. O‘zbekiston oilaning barcha a’zolari uchun unutilmas sarguzashtlarni va’da qiladi: qadimiy shaharlarga tashrifdan tortib, an’anaviy hunarmandchilikni o‘rganishgacha.
Eng yaxshi tavsiyalardan biri - o‘zining yaxshi saqlanib qolgan me’morchiligi va tor, labirint ko‘chalari bilan mashhur, YUNESKOning Jahon merosi obyekti bo‘lgan Xiva shahriga tashrif buyurish. Oilalar qadimiy shahar bo‘ylab sayr qilishlari, baland minoralardan hayratlanishlari, hattoki qo‘g‘irchoq yasash ustaxonasiga tashrif buyurishlari, an’anaviy o‘zbek hunarmandchiligi bilan tanishishlari mumkin.
Tashrif buyurish shart bo‘lgan keying manzillar – boy tarixga ega, jozibador shaharlar - Buxoro va Samarqand. Bu yerda oilalar tarixiy qadamjolarni o‘rganishlari mumkin. Bolalarni qadimiy imperiyalar haqidagi hikoyalar maftun etadi va hatto ular tashrifga joziba bag‘ishlash maqsadida an’anaviy qo‘g‘irchoq teatrini tomosha qilishlari mumkin.
Shuningdek, maqolada oilalar tabiat qo‘yniga sayr qilishlari, yovvoyi tabiatni kuzatishlari va O‘zbekistonning hayratlanarli manzaralaridan bahramand bo‘lishlari mumkinligi haqida so‘z boradi. O‘tov lagerida tunash bolalarda ham, kattalarda ham unutilmas taassurot qoldiradi.
O‘zbekiston bolalarga mahalliy madaniyatga singib ketish imkonini beruvchi amaliy tajribalarni ham taklif etadi. Pazandachilik bo‘ycha mahorat darslari o‘zbek oshxonasi bilan tanishish imkonini beradi, kulolchilik ustaxonalari esa an’anaviy hunarmandchilik va texnikani o‘rgatadi. Bunday tadbirlar bolalarni nafaqat quvontiradi, balki ularga o‘lkamiz merosini chuqurroq anglash imkonini ham beradi.
Qolaversa, O‘zbekistonning gavjum bozorlari, masalan, Chorsu bozori butun oila a’zolarida unutilmas taassurot qoldiradi. Gavjum do‘konlarni o‘rganish, mahalliy taomlardan tatib ko‘rish va xushmuomala sotuvchilar bilan suhbatlashish unutilmas taassurot qoldirishi shubhasiz.
O‘zining samimiy mehmondo‘stligi va turli diqqatga sazovor joylari bilan O‘zbekiston noyob va ma’rifiy sayohatga chiqmoqchi bo‘lgan oilalar uchun ajoyib manzildir. Mamlakatning boy tarixi, ajoyib arxitekturasi va qiziqarli tadbirlar sarguzasht va madaniyatga g‘arq bo‘lish imkoniyatini izlayotgan oilalar uchun uni mukammal tanlovga aylantiradi. “Lonely Planet”ning O‘zbekistonda bolalar bilan birgalikda amalga oshirish mumkin bo‘lgan eng yaxshi sakkizta mashg‘ulot yoritilgan maqolasi noyob qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi va oilalarning ushbu jozibador go‘shaga tashrif buyurishdan imkon qadar unumli foydalanishlari kafolatlanadi.
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun
Izoh