Foto va Video

O‘zbekiston Istanbuldagi “EMITT 2024” xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda

07.02.2024 169

2024-yilning 6-9-fevral kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “EMITT 2024” 27-Xalqaro turizm va sayohat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Yirik “TUYAP Fair & Congress Center” kongress-koʻrgazma markazida Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatimiz milliy stendini namoyish etmoqda.

Delegatsiyamiz ishtiroki O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va “Milliy PR-markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan tashkil etilmoqda.

Ko‘rgazma davomida yetakchi xalqaro sayyohlik kompaniyalari tomonidan ommabop yo‘nalishlar bo‘yicha eng yaxshi takliflar taqdim etiladi, barcha soha va segmentlarda turizmni rivojlantirish strategiyasi va dasturlari bo‘yicha tajriba va fikr almashinadi.

Ko‘rgazma davomida delegatsiyamiz vakillarining Turkiya va boshqa mamlakatlardagi yirik sayyohlik kompaniya va tashkilotlari bilan “B2B” formatida o‘tkazgan ishbilarmonlik uchrashuvlari O‘zbekiston ishbilarmon doiralari va xorijiy hamkorlar o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatish imkonini bermoqda.

Xalqaro koʻrgazma kunlarida delegatsiyamiz aʼzolari yangi sayyohlik mahsulotlarini namoyish etadilar, shuningdek, joriy yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan TXTY-2024 Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ishtirok etish yuzasidan mamlakatlar va yirik tashkilotlarning hamkorlarini jalb etish boʻyicha muzokaralar tashkil etadilar.

 

Maʼlumot uchun: EMITT har yili Istanbulda oʻtkaziladigan Sharqiy Oʻrtayer dengizi mintaqasidagi eng yirik xalqaro turizm va sayohat koʻrgazmasi hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik beshta sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri sifatida EMITT har yili dunyo bo‘ylab sayyohlik xizmatlari kompaniyalari va yo‘nalishlaridan yangi va qiziqarli sayohat imkoniyatlarini izlayotgan o‘n minglab soha mutaxassislari va sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi. Ko‘rgazma Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi, TOBB, Turk Havo Yo‘llari, Istanbul munitsipaliteti tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing