Foto va Video

O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida ziyorat turizmi haftaligi bo‘lib o‘tdi

09.11.2022 754

O‘zbekistonda “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” yakunlandi. Yirik tadbirlar 4 ta tarixiy shaharda: Samarqandda, Xivada, Buxoroda va Toshkentda boʻlib oʻtdi.

Seminarlar, davra suhbatlari, xalqaro ko‘rgazma va anjumanlar, gastronomik festivallar, shuningdek, noyob ziyoratgohlarga tashrifni o‘z ichiga olgan boy madaniy va biznes dasturi Haftalik mehmonlari va dunyoning turli burchaklaridan kelgan 50 nafardan ziyod yetakchi islom ulamolaridan iborat ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.

Poytaxtimizda O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishga bag‘ishlangan ko‘plab tadbirlar, jumladan, Toshkent milliy liboslar galereyasida milliy liboslar ko‘rgazmasi, Xalqaro islom akademiyasida “Halol turizm” mavzusiga bag‘ishlangan anjuman, “Islom iqtisodiyoti” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati, “Navro‘z” istirohat bog‘ida “Halol taom” festivali muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Ziyorat turizmi haftaligi” doirasidagi tadbirlarning asosiy o‘zagini “Hazrati Imom”, “Suzuk ota” majmualari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat tashkil etdi.

O‘zbekistonning asosiy sayyohlik durdonalari hisoblangan Samarqand va Buxoroda ham bundan qolishmaydigan qiziqarli tadbirlar o‘tkazildi.

Butun dunyo musulmonlari uchun muhim ziyoratgohlardan biri Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir. Aynan shu yerda Ziyorat turizmi haftaligi doirasida “Markaziy Osiyo – Islom san’ati markazi” xalqaro forumi, “Ko‘ngil ohanglari” milliy folklor festivali bo‘lib o‘tdi.

Samarqand shahridagi ziyorat turizmi haftaligi doirasida ikkita noyob ko‘rgazma tashkil etildi. Birinchi ekspozitsiyada O‘zbekiston fondlarida saqlanayotgan Qur’oni Karimning qadimiy nusxalari namoyish etildi

Ekspozitsiyaning eng mashhur nusxalaridan biri al-Buxoriy davridan saqlanib qolgan muqaddas Qur’oni Karim - “Katta Langar”ning faksimilesidir. Ekspozitsiya “Qadimiy qo‘lyozmalarni saqlash va tadqiq qilish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada nusxalar bilan bir qatorda Muhammad payg‘ambarning shajaralari ham taqdim etilgan. Payg‘ambarning shajarasi yozilgan pergament qog‘ozi o‘rami XVII asrga oiddir.

Samarqand “Yoshlar markazi”dagi “Abadiy shahar” majmuasida “Zamonaviy islom me’morchiligi” ko‘rgazmasi, “Movarounnahrda kitob ilmi madaniyati” yo‘nalishida yarmarka bo‘lib o‘tdi.

Buxorodagi ziyorat Haftaligida ham bulardan kam bo‘lmagan tadbirlar tashkil etildi.

Haftalikning birinchi kuni Buxoro viloyatidagi Bahouddin Naqshband majmuasida “O‘zbekiston islom merosi” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi va unda yirik islomiy tashkilotlar bilan xalqaro shartnomalar imzolandi. Konferensiya doirasida islom xattotligiga bag‘ishlangan noyob ekspozitsiya ham tashkil etildi.

Buxoroda ziyorat turizmi haftaligining asosiy tadbirlaridan biri arab va islom xattotligini o‘rgatuvchi “Al-Manar” markazining ochilishi bo‘ldi.

Forum ishtirokchilari markaz bilan tanishib, “Islom xattotligi” ko‘rgazmasini tomosha qildilar.

3-noyabr kuni Buxoro monomarkazida “Mir Arab madrasasi bitiruvchilari” forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirda qadimiy madrasa bitiruvchilari, shuningdek, xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.

Haftalikning barcha kunlari Buxoroda “Milliy esdalik buyumlari yarmarkasi” tashkil etildi.

Har yili noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan ushbu yarmarka yirik xalqaro tadbirning bir qismiga aylandi.

Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi 2022-yilda turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan O‘zbekistonning ajoyib tarixiy shahri – Xivani ham chetlab o‘tmadi. Tadbirlarning so‘nggi kunida bu yerda “Xiva – 2024-yil islom turizmi olami poytaxti” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Nufuzli tadbirda Turizm va madaniy meros vazirligi vakillari, Xorazm viloyati hokimligi a’zolari, Singapurning CrescentRating kompaniyasi rahbari Bahardin Mohamed Fazal, Turk va islom osori-atiqalari muzeyi rahbari Ekrem Aytar va boshqa taniqli mutaxassislar ishtirok etdi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 8 mingdan ortiq moddiy madaniy meros yodgorliklari mavjud. Ulardan 1257 tasi ziyoratgohlar bo‘lib, shundan 1183 tasi islomiy, 57 tasi nasroniy, 9 tasi buddist va 8 tasi yahudiy yodgorliklaridir.

Bu yil O‘zbekiston ziyorat turizmi uchun qulayliklar yaratish bo‘yicha yetakchi 10 ta davlat qatoridan joy oldi. 

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Shuningdek, oʻqing