Xavfsizlik va O'zbekiston bo'ylab sayohatlarning o'ziga xos jihatlari

Pahlavon Mahmud majmuasi

612

Pahlavon Mahmud qabri ustiga dastlab 1664-yilda xom gʻishtdan kichik maqbara qurilgan. Bu bir xonadan iborat gumbazli maqbara bo‘lib, keyinchalik deyarli butunlay vayron bo‘lgan. Uning taqdiri haqida shoirning ta’biri bilan shunday deyish mumkin:

“Dunyo binokori tuzar qasr-ayvon,

Tuzib bo‘ladi-yu, qiladi vayron.

Falakka yetkazib bugun toqini,

Ertaga etadi yer bilan yakson”.

Xom g‘ishtdan barpo etilgan inshoot qoldiqlari keyinchalik qurilgan imoratlar devorlari ichida qolib ketgan. Hozirgi majmua ancha keyin paydo bo‘lgan. Eski poydevor qoldiqlari ustiga pishiq g‘ishtdan yangi maqbara qurilgan. Maqbara qurilishi 1810-yilda Muhammad Rahimxon davrida boshlanib, 1835-yilda, Olloqulixon davrida qurib bitkazilgan. Hozirgi vaqtda u alohida moviy gumbazlar bilan qoplangan kichik xona - ziyoratxona va go‘rxonadan iborat.

Ilgari orqa tomondan ham kirish eshigi bo‘lgan, bu esa juma namozidan so‘ng Xiva hukmdorining qabrini ziyorat qilish imkonini berardi. Hozirgi kunda bu kirish joyi yopilib, eshik bilan to‘silgan, go‘rxonaga kirish ziyoratxona tomonidan amalga oshiriladi. 1810-yilda yasalgan bu eshik nozik bo‘rtma naqshlar va fil suyagidan o‘yib ishlangan qo‘shimcha bezaklar bilan jilolantirilgan.

Yangi qurilgan maqbaraga katta xonaqoh qo‘shib qurildi. Bunda xonaqohning katta zali chap devorida Pahlavon Mahmud maqbarasiga kirish eshigi ochildi. Keyinchalik xonaqoh Xiva hukmdorlarining dafn marosimi o‘tkaziladigan joyga aylanib, majmuaning markazi bo‘lib qoldi.

Maqbara oldida xotira hovlisi barpo etilgan. 1701-1702-yillarda Shohniyozxon farmoni bilan yog‘ochdan naqshinkor eshik yasaldi. Eshikdagi bitiklarda Qur’on suralari va she’riy xronogrammalar keltirilgan. “Mazlum qalblarning iltijosini qabul qiluvchi bu nurli imoratni Shohniyozxon (1702-yilda) qurdirdi, quduq ham qazdirdi. U ham shu mozorga dafn etildi. O‘ymakor usta Nodir Muhammad”. Eshikning old qismi an’anaviy xorazmcha turunj, madohil va boshqa turdagi o‘simliksimon naqshlar bilan bezatilgan. Eski qabriston darvozasi Pahlavon Mahmud yodgorlik majmuasining kirish peshtoqiga aylandi.

XX asr boshlarida Asfandiyorxon farmoni bilan hovlining g‘arb tomonida ikki qavatli qorixona, sharq tomonida esa yozgi ayvonli masjid qurildi. Chap tomondagi qo‘shni xonada uchta sag‘ana mavjud. Biri Asfandiyorxonning onasining qabri ustida. Qolgan ikkitasi Asfandiyorxon va uning o‘g‘li sharafiga o‘rnatilgan. Biroq, u yerda haqiqiy go‘rlar yo‘q, chunki ular Ichan qal’adan tashqarida joylashgan.

Majmua, shuningdek, qabristonda, bosh maqbara orqasida joylashgan binolarni ham o‘z ichiga oladi. Ular asosiy majmua bilan sharqiy gumbazli galereyaning shimoliy uchidagi teshik orqali tutashgan. Ular orasida Shir-Kabir nomi bilan mashhur boʻlgan katta gumbazli qishki masjid, uning yonida bir ustunli ayvon koʻrinishidagi yozgi masjid va bir necha kichik gumbazli maqbaralar bor. Yodgorlik majmuasining umumiy o‘lchamlari taxminan 50x30 metrni tashkil qiladi.

Hovliga kirilganda, baland va nafis peshtoq ko‘zga tashlanadi. U Xiva mayolikasiga xos ko‘k, moviy va oq ranglar bilan qoplangan yashil “kamon” bezaklari bilan sayqallangan g‘ishtlardan terilgan.

Kirish eshigi qarshisidagi markaziy zalda Muhammad Rahimxon dafn etilgan besh qirrali supa joylashgan.

Uni usta Abdulla Mulla Said o‘g‘li Xivaqiy tomonidan ishlangan naqshli mis panjara ajratib turadi. Supa markazidagi qabr toshining tepasida ustaning ismi yozilgan bitik bor: “Qalandar Xorazmiy o‘g‘li mulla Nurmuhammadning ishi, hijriy 1240-yil”. (1824/25-y.). Xonaqohning shimoli-g‘arbiy burchagida Abulg‘ozixon va Anushxonning mayolika qoplangan qabrtoshlari joylashgan. Markaziy qismning o‘ng devorida temir panjara ortidagi Olloqulixon qabri bo‘lgan galereyaga kirish eshigi mavjud. Yaqinda uning qabri ustiga yangi sag‘ana o‘rnatildi.

Maqbaraning eng diqqatga sazovor jihati xonaning ichki mayolika qoplamasi hisoblanadi.

Ichki bezaklar faqat bir texnikada - xonalarni pastdan yuqorigacha to‘liq qoplaydigan bo‘yalgan mayolika bilan ishlangan. O‘simlik va geometrik shakldagi naqshlarning bitmas-tuganmas tasavvuri va rang-barangligi kishini hayratga soladi. Epigrafik bezaklar ham mavjud bo‘lib, ular orasida “Insoniyatga xizmat qilmaguncha inson bo‘lmaysan” kabi falsafiy hikmatlar uchraydi. Ustalar bezaklarni yaratishda Pahlavon Mahmud she’riyati ruhini chuqur his etib, o‘zlarining ajoyib ko‘k-oq naqshlarida pirning she’rlari bilan musaffo va pokiza tuyg‘ularini ifodalashga intilganlar:

Haqiqatni til bilan ulug‘lash yaxshidir.

Tong otishini ibodat bilan kutib olish yaxshidir.

Yaxshi nom qozonish yo‘lida

Ochlarga non ulashmoq yaxshidir.

Mavjud bitiklarda bu muhtasham meʼmoriy yodgorlikni yaratgan ustalarning nomlari zikr etilgan. 1810-yildagi qurilish ishlariga hazorasplik usta Odina Muhammad Murod rahbarlik qilgan. Chiroyli murakkab bezaklar muallifi xalq orasida “Daho” laqabini olgan mashhur xivalik usta Abdulla Jin edi. Ganjkorlikning cho‘qqisi gumbazning dizayni va xonaqo devorlarining kvadrat shaklidan unga o‘tishdir. Bino tashqi tomondan ulkan dumaloq yashil-firuza rang gumbaz bilan bezatilgan bo‘lib, bu gumbaz butun Ichanqal’a siluetida yetakchilik qiladi.

2007-yilda Ichanqal’a bo‘ylab ayvon ustunlari, yo‘laklari, quduq atrofi va quduq ustidagi miniatyura yog‘och gumbazi qayta ta’mirlandi, maqbara yo‘lagidagi tushib ketgan mayolika koshinlari yangidan tiklandi. Ayni paytda majmua hududida O‘zbekiston musulmonlari diniy boshqarmasi tasarrufidagi “Pahlavon Mahmud” jamg‘armasi joylashgan.

Shuningdek ko‘ring