Foto va Video

Samarqand tarixi

107059

"Men Samarqand haqida eshitganlarimning hammasi albatta haqiqat! Faqat bitta narsa: u men tasavvur qilganimdan ham chiroyliroq bo‘lib chiqdi"

Iskandar Maqduniy

Samarqand sayyoramizdagi eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, Rim va Afina bilan tengdoshdir. U 2750 yoshdan oshgan. Shahar har doim haqiqiy sharqona mehmondo‘stlikning chinakam namunasi bo‘lgani bilan ajralib turgan. Bu yerda bir necha millat vakillari doimo muammosiz yashab kelgan. Samarqandni odatda "Sharqiy Bobil" deb atashadi.

Unda go‘yo ulkan oynadagidek yo‘l aks etadi. Ko‘p avlodlar bosib o‘tgan yo‘l. Shaharning boy voqealari, yuksalishlar va pasayishlar, qimmatbaho topilmalar va eksponatlar, qadimiy obidalar dastlabki odamlar bu hududda ming yillar oldin yashay boshlaganliklarini tasdiqlashga imkon beradi.

Qadimgi afsonaga ko‘ra, Samarqand shahri tashkil etilganida (miloddan avvalgi VIII asrda) Zarafshon tog‘laridan qoplon kelib, shahar qurilishini ma’qullagan ekan. O‘shandan beri Samarqandda odamlar o‘zlarini qoplon bilan bog‘lashadi – ular xuddi o‘shanday mag‘rur, xuddi o‘shanday qat’iyatli va xuddi o‘shanday saxiydirlar.

Samarqand nomi so‘g‘d tilidagi Smr’kand so’zidan kelib chiqib, "tosh qal’a" yoki "tosh shahar" degan ma’noni anglatadi. Qadimgi davrlarda Samarqand eng qadimiy So‘g‘diyona davlatining poytaxti bo‘lgan va Afrosiyob deb nomlangan. Qadimgi yunonlar orasida va Rimda shahar Marakanda nomi bilan tanilgan. Iskandar Maqduniy davrida ham Samarqand obodonlashtirilib, ancha rivojlangan shahar bo‘lgan.

Ilk o‘rta asrlarda Samarqand Turk xoqonligi tarkibiga kirgan. 712-yilda shahar Qutayba ibn Muslim boshchiligidagi arablar tomonidan bosib olinib, Movarounnahr va Katta Xurosonning markaziga aylangan.

IX asrda Samarqand Somoniylar davlatining tarkibiga, X asr oxirida esa Qoraxoniylar davlatining tarkibiga kirgan. Bu davrda Samarqandda ulkan me’moriy inshootlar qurilgan bo‘lib, ularning ko‘p qismi, afsuski, Chingizxon tomonidan vayron qilingan. Keyin Samarqand mo‘g‘ullar istilosi natijasida vayron bo‘lgan Xorazmshohlar davlatining tarkibiga kirdi.

Amir Temur hokimiyat tepasiga kelganida Samarqandda juda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shahar yana poytaxtga aylandi, vayron bo‘lgan binolarni tiklash ishlari boshlandi va Samarqand yana o‘zining avvalgi ulug‘vor holatiga qaytdi. Temuriylar davrida Samarqand faol rivojlanib bordi, dunyoning turli mamlakatlaridan olimlar va san’atkorlar bu yerga kelishga harakat qilishdi. Shaharda ilm-fan, ta’lim va madaniyatni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

XVI asrda Temuriylardan keyin Shayboniylar sulolasi keldi va shahar Buxoro xonligiga kirdi. XVIII asrdan boshlab Samarqandni Ashtarxoniylar boshqargan, Buxoro xonligi esa Buxoro amirligiga aylantirilgan. Uzoq davom etgan o‘zaro ichki nizolar tufayli Samarqand iqtisodiy inqirozga yuz tutgan. Shaharni tiklashga birinchi urinishlar 18-asrning o‘rtalarida Mang‘itlar sulolasi tomonidan amalga oshirilgan.

1868-yilda shahar rus qo‘shinlari tomonidan bosib olindi. Bir yil o‘tgach, Samarqand shahri tashkil etilgan Samarqand viloyatining ma’muriy markaziga aylandi. Qizig‘i shundaki, 1925-1930-yillarda Samarqand qisqa vaqt yana poytaxt bo‘ldi.

Bugungi kunda Samarqand eng go‘zal va madaniyatga boy shahar bo‘lib qolmoqda. Boy tarixiga qaramay, shahar o‘ziga xosligi va betakror qiyofasini yo‘qotmagan.

Samarqandliklar mohir hunarmandlardir. Ular butun hayoti davomida qo‘shni xalqlarni o‘zlarining hunarlari, mahoratlari va ijodlari bilan hayratda qoldirganlar. Samarqandni Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining bebaho xazinasi deb atashadi. Bu yerda O‘rta asr me’morchiligining eng buyuk yodgorliklari – g‘oyat go‘zal me’moriy shakllar va rasmlar saqlanib qolgan bo‘lib, ularning har biri alohida e’tiborga loyiqdir. Biroq, Fred Barnard aytganidek: "Yuz marta eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzaldir." Shuning uchun Sharq Gavhari va qalb bog‘i – Samarqandga xush kelibsiz!

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring