Xavfsizlik va O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning o‘ziga xos jihatlari

Toshkent taomlarining ifori

74

Toshkent - gastronomik jannat bo‘lib, unda har bir dasturxon asriy pazandalik an’analari va zamonaviy kreativ usullarni o‘z ichiga olgan ta’mlar sirlarini ochib beradi. Shaharning ta’mlari qadimiy an’analar, mintaqaviy ta’sirlar va zamonaviy chizgilar aralashmasidan iborat bo‘lib, bu gastronomik sayohatni mazali va esda qolarli qiladi. Toshkent taomlari o‘zining to‘yimli va xushbo‘yligi bilan mashhur bo‘lib, ularning tarkibiga ko‘pincha turli xil go‘sht (birinchi navbatda qo‘y va parranda go‘shti), guruch, sabzavotlar va ko‘plab ziravorlar kiradi.

Moshxo‘rda

Moshxo‘rda - bu go‘sht va sabzavotlar bilan uyg‘unlashgan mosh va guruchdan iborat an’anaviy o‘zbek taomidir. O‘zining boy tarkibi tufayli u nafaqat mazali, balki salomatlik uchun foydali bo‘lib, organizmni oqsillar, vitaminlar va mikroelementlar bilan boyitadi. Taomni tayyorlash mayda to‘g‘ralgan go‘sht, piyoz, pomidor va sabzini qovurib olishdan boshlanadi, shundan so‘ng barcha masalliqlar suv va mosh qo‘shib qaynatiladi, bu taomga o‘ziga xos ifor va to‘yimlilik beradi. Quyuqqina sho‘rva taxminan 15 daqiqa pishiriladi, keyin guruch qo‘shiladi va past olovda yana shuncha qoldiriladi. Taomni ziravorlar ifori bilan to‘yintirish uchun moshxo‘rdani 10 daqiqa qopqoq ostida dimlash maqsadga muvofiqdir. Ushbu suyuq taom bir qoshiq yangi smetana bilan tortiladi, bu taomning nafis ta’mini to‘ldiradi.

Do‘lma

Do‘lma – tok barglariga o‘ralgan qiyma ustiga go‘sht va sabzavotlardan iborat qayla quyib pishirilgan taom. Do‘lma tayyorlash uchun qiyma guruch, piyoz va ziravorlar bilan aralashtiriladi, so‘ngra tok barglariga o‘raladi. Sabzavotlar va go‘shtning yirik bo‘laklari oltin rangga kirguncha qovuriladi, shundan so‘ng qiymali tok barglari qavatma-qavat chuqur qozonga terib chiqiladi, ustidan suv quyilib, 40 daqiqa davomida qopqoq ostida pishiriladi. Tok barglari taomga yengil nordonlik beradi, bu esa qiymaning mayin ta’mini ajoyib tarzda kuchaytiradi.

Mastava

Mastava - go‘sht, guruch va ko‘p miqdorda turli xil sabzavotlardan iborat to‘yimli sho‘rva. Tayyorlash uchun qo‘y go‘shtini to‘rtburchak shaklida to‘g‘rab, piyoz va sarimsoqpiyoz bilan oltin rangga kirguncha qovuriladi. So‘ngra sabzi, bulg‘or qalampiri va pomidor pastasi solib, qozonga mayda to‘g‘ralgan pomidor solib, past olovda dimlab pishiriladi. Shundan so‘ng sho‘rvaga mayda to‘g‘ralgan kartoshka, ziravorlar (ziravor va qora murch), tuz solinadi va suv quyiladi. Taom past olovda 10-15 daqiqa qaynatiladi, bu vaqtda alohida kastryulda guruch pishiriladi. Odatda, mastava uchun guruch alohida idishga solinadi yoki ezilib ketmasligi uchun dasturxonga tortishdan oldin har bir porsiyaga qo‘shiladi. Sho‘rva an’anaviy ravishda bir qoshiq smetana va bezak uchun yangi kashnich qo‘shilgan holda tortiladi.

Cho‘zma lag‘mon

Cho‘zma lag‘mon - o‘zining boy ta’mi va xushbo‘y qaylasi bilan mashhur bo‘lgan an’anaviy xamirli taom. Lag‘mon uchun tuxum, suv, tuz, pista yog‘i va un solib, xamir qoriladi, keyin qo‘lda ingichka qilib cho‘ziladi. Qaylasi uchun qo‘y go‘shti bo‘laklab to‘g‘raladi va baland olovda qovuriladi. So‘ngra sarimsoqpiyoz, piyoz va tomat pastasi qo‘shiladi. To‘yingan ta’mni saqlab qolish uchun masalliqlar dimlanmasdan, faqat qovuriladi. Go‘shtga yirik to‘g‘ralgan sabzi, turp, loviya, bulg‘or qalampiri, pomidor va kartoshka qo‘shiladi. Keyin barcha masalliqlarning ustiga suv quyiladi va 20 daqiqa davomida pishriladi, bir vaqtning o‘zida cho‘zilgan lag‘monlar qaynayotgan suvda taxminan 5 daqiqa davomida pishirib olinadi.

Taras Shevchenko gastronomik ko‘chasi

Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasi gastronomik maqomga ega bo‘lib, haqiqiy pazandalik kashfiyotlari markaziga aylandi. Ushbu ko‘cha bo‘ylab sayr unutilmas sarguzashtga aylanadi: ovqatlanish muassasalari noyob taomlar va zamonaviy interyerlarni taklif etib, mehmonlar e’tibori uchun raqobatlashadi. Manti, somsa va kabob kabi an’anaviy o‘zbek taomlari tortiladigan mahalliy uslubdagi shinam kafelar alohida e’tiborni tortadi. Shu bilan birga, bu yerda Yevropa va Osiyo gastronomik an’analarini uyg‘unlashtirgan zamonaviy fyujn-oshxonani ham topish mumkin. Gastronomik taklifga qiziqarli qo‘shimcha sifatida fudtraklar xizmat qiladi, ular yo‘l-yo‘lakay yangi va o‘ziga xos taomlarni tatib ko‘rish, ko‘cha muhitidan zavqlanish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.

Sayr qilish va dam olish uchun qulay hududga aylantirilgan Taras Shevchenko ko‘chasi barcha toifadagi tashrif buyuruvchilar uchun qulay piyodalar yo‘laklari, ko‘kalamzor hududlar va infratuzilmani taklif etadi. Taras Shevchenko ko‘chasi kechki paytlarda jonli musiqa muhitini yaratayotgan iqtidorli musiqachilar va xonandalarning chiqishlari bilan to‘ldiriladi. Bu esa kechki sayrlarni ayniqsa esda qolarli qiladi va gastronomik kashfiyotlarga yorqin his-tuyg‘ularni qo‘shadi. Shuningdek, muntazam ravishda gastronomik festivallar, ko‘rgazmalar va mahorat darslari o‘tkazilib, ushbu ko‘cha shaharning madaniy markaziga aylanishiga xizmat qiladi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring