Ugam-Chotqol davlat milliy tabiiy parki

9994

Bilasizmi, O‘zbekiston hududida YuNESKOning Butunjahon merosi Ro‘yxatiga kiritilgan noyob milliy bog‘ bor. Ushbu sayyoramizning haqiqiy mo‘jizasi bo‘lgan bog‘, o‘zining toza tabiati, ajoyib tabiiy diqqatga sazovor joylari va tarixiy obidalari bilan har qanday kishini zavqlantiradi. Ugam-Chotqol milliy bog‘i, 1990 yilda Toshkent viloyati hududida tashkil etilgan bo‘lib Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlarini o‘z ichiga oladi. Bog‘ning maydoni 574 ming gektarni tashkil etadi.

2016 – yilda, YuNESKO ushbu bog‘ni tarkibiga muhtasham Chotqol tog‘lari ham kiradigan Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilganligini e‘lon qildi. Bog‘ landshafti, asosan G‘arbiy Tyan-Shan tog‘ tizmalaridan tashkil topadi. Muhtasham tog‘lar, ko‘plab daralar va jarlarni shakllantiradi ularning orasidan esa, Pskem, Chotqol, Ugam va Ko‘ksuv kabi tog‘ daryolari oqib o‘tadi.

Eng baland Adelunga cho‘qqisi – Pskem tog‘ tizmasiga tegishli bo‘lib uning shimoliy-sharqiy qismida, dengiz sathidan 4301 m. balandlikda joylashgan. Qarama-qarshi tomonda esa, dengiz sathidan 4299 m. balandlikda joylashgan yana bir cho‘qqi – Beshtor joylashgan. Ular birgalikda faqat eng tajribali alpinistlargina ko‘tarila oladigan ikkita buyuk tog‘ni hosil qilishadi.

Milliy bog‘ hududida, alohida muhofaza qilinadigan tabiiy ob’ekt sifatida qo‘riqlanadigan hudud mavjud. Ushbu park, o‘zining noyob tabiiy landshafti tufayli o‘simlik va hayvonot dunyosiga, chiroyli sharshara va ko‘llariga, toshloq yerlar va manzarali vodiylardan o‘tuvchi sayyohlik so‘qmoqlariga juda boy.

Bog‘da, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, o‘simlik va hayvonot dunyosining holati ustidan qat’iy nazorat olib boriladi. Har yili, Chotqol biosfera qo‘riqxonasining xodimlari, ilmiy ekspeditsiyalar va konferensiyalar o‘tkazishadi, shuningdek o‘rmon xo‘jaligi va tabiiy resurslarni saqlash borasida ham nazorat olib borishadi. Maxsus inspektorlar o‘simlik va hayvonlar, shu jumladan Qizil kitobga kiritilgan va yo‘qolib borayotgan turlarning sonini nazorat qilib borishadi.

Bog‘da, biosferik tabiiy ekotizimlar majmuasi va genofond, alohida muhofaza qilinadigan hududlar joylashgan. Parkda yashovchi hayonlar orasida, qor barsi, menzbir sug‘uri, tyan-shan qo‘ng‘ir ayig‘i, qora laylak va boshqa ko‘plab noyob hayvonlar bor. Tog‘ daryolari bo‘ylari va daralarning yon bag‘irlarida zich o‘rmon o‘simliklari va archazorlarni ko‘rish mumkin.

Tog‘ etaklarida yovvoyi chakalakzorlar bilan birga ekilgan mevali bog‘lar ham uchraydi. Do‘lana, zarang, bodom, olcha daraxtlari ko‘pincha butali o‘simliklar - zirk, na’matak, uchqat va boshqalar bilan aralashib ketadi. Shuningdek tog‘ etaklari, masalan G‘arbiy Tyan-Shan tog‘laridagi Oqsoqota tog‘larida yovvoyi olmazorlar va qayinzorlar ham uchraydi.

Bundan tashqari, bog‘ hududida arxeologik yodgorliklar ham mavjud. Masalan, Qorasov tog‘ida qoyalarga chizilgan qadimiy rasmlarini ko‘rish mumkin. Poltov, Obiraxmat, Xojikent, Qulbuloq, Pulutxon kabi ibtidoiy odamlar yashagan manzillar ham topilgan. Xarobalarda, qadimiy mehnat qurollari, idishlar, marosimli dafn joylari topilgan. Bunday yodgorliklar, hatto qirq ming yil oldin ham odamlar ushbu manzarali joylarda serhosil yaylovlar va buloq suvlaridan foydalanib yashashganliklarini ko‘rsatadi.

Har yili, parkga butun dunyodan ko‘plab dam oluvchi va sayyohlar tashrif buyurishadi. Chimyon, Bildirsoy, Xojikent va Parkent tog‘ etaklari, yilning istalgan davrida ham dam oluvchilar orasida juda mashhur. Bu joylarga tashrif buyurish uchun sizga maxsus ruxsatnoma shart emas. Yozda bu joylar o‘zining yam-yashil o‘simliklari, archa chakalakzorlari bilan, qishda esa sizni qishki ertak muhitiga sho‘ng‘ituvchi qorli tepaliklari bilan o‘ziga maftun etadi. Ko‘p sonli dam olish maskanlari, mehmonxonalar, sanatoriyalar, bolalar oromgohlari, shuningdek, turli xil dam olish maskanlari parkning eng chiroyli joylari, ya’ni Chorvoq suv omborining atrofi bo‘ylab, Kichik va Katta Chimyon tog‘ etaklarida, Bildirsoy tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan. Bo‘stonliq tumanining, “Chimyon”, “Amirsoy”, “Bildirsoy” tog‘-chang‘i kurortlari, “Xumson”, “Tibet”, “Chortoq” sanatoriya va shifobaxsh kurortlari, shuningdek boshqa ko‘plab sayyohlik ob’ektlari barcha xohlovchilarni, ularning yoshidan qat’iy nazar Ugam-Chotqol milliy bog‘ining shifobaxsh tabiati kengliklarida sog‘liklarini tiklash va mustahkamlash uchun qabul qilishga tayyor.



Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring