Jannat burchagi - Farg‘ona

7334

Qumlik cho‘l orasida bir burchak bor

Zumrad dalalar bilan o‘ralgan makon

Jannat vodiysida joylashgan shahar bu

Biz uchun sevimli u va albat qadrdon.

Erta bahorda bog‘lari gullar.

Yoqimli gullarning hidi hukmron

Tog‘lar esa senga tojni eslatar

Farg‘onam, sen mening jannatim, sen mening bog‘im.

(Yu.V. Yesin)

Go‘zal Farg‘ona, Sharq musiqasi, unga atab juda ko‘p sheʼrlar kuylangan va qo‘shiqlar bag‘ishlangan! Chunki oddiy so‘zlar Farg‘onaning jozibasini yetkazishga ojizlik qiladi. Bu maftunkor va isteʼdodli insonlarning ajib diyori qadimiy obidalari va muqaddas joylari, go‘zal manzarasi va toza havosi, sersuv va shirin mevalari, shinam choyxonalari va saxovatli dasturxoni bilan mashhurdir.

Farg‘ona viloyati “Qadimiy sivilizatsiyalar beshigi” deb nomlangani bejiz emas, bu yerda Buyuk Ipak yo‘li o‘tgan bo‘lib, maʼrifat va ilm-fan rivojlanganligidan dalolat beruvchi qadimiy va o‘rta asrlarga oid yodgorliklar topilgan. Farg‘ona aholisi ajoyib go‘zal mahsulotlarini ishlab chiqarishning qadimgi usullari sirini avloddan-avlodga meros qilib qoldirib kelayapti. Farg‘ona hunarmandchiligi butun o‘zbek xalqining madaniy boyligi va merosi hisoblanadi.

Farg‘onaga tashrif buyurganingizda, bu go‘zal makonning boy va o‘ziga xos madaniyati bilan tanishish uchun albatta ushbu ajoyib mintaqaning mehmoni bo‘ling. Hozircha esa Farg‘ona bilan tanishish uchun uzun ro‘yxat ichidan bir nechta tavsiyalarni taqdim qilamiz.

Farg‘ona shahri

Farg‘ona – iqtisodiyoti rivojlangan yirik, sanoat markazi. Farg‘ona vodiysining janubiy qismida joylashgan. Shaharda bir nechta yashil bog‘lar, sport markazlari, hayvonot bog‘i, ko‘plab ko‘ngilochar joylar, zamonaviy binolar va diqqatga sazovor joylar bor. 

Markaziy bog‘da O‘rta Osiyoning mashhur olimi Al-Farg‘oniyning haykali o‘rnatilgan. Bog‘dagi o‘lkashunoslik muzeyi va qo‘g‘irchoq teatriga tashrif buyurishingiz mumkin. Yodgorlik ortida joylashgan Farg‘ona bozori asosiy bozor bo‘lib, mahalliy aholi bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyatdir. Bozorda mazali mevalar va poliz mahsulotlari, sabzavotlar, Farg‘ona shirinliklarining juda katta tanlovi borki, siz ularni tatib ko‘rishdan voz kecha olmaysiz .

Bozordan biroz narida “Yangi chek” markaziy masjidi joylashgan. Yana bir go‘zal «Nur-Jomiy» masjidi o‘zining yam-yashil peshtoqi bilan ajralib turadi.

Markaziy park yaqinidagi bir qancha eski binolar Rossiya podsholigi ko‘rinishiga o‘xshaydi. Ular XIX asr oxirida qurilgan bo‘lib, ularning meʼmorchiligi mukammal darajada saqlanib qolgan. Ular orasida rus drama teatri (ilgari harbiy gubernator binosi bo‘lgan), Farg‘ona davlat universiteti (ilgari erkaklar uchun gimnaziya vazifasini bajargan), “Ofitserlar uyi” va Avliyo Sergiy Rodonejskiyning ibodatxonasi bor.

Yaxshi saqlangan yana bir “Sanat Saroyi” istirohat bog‘i piyoda va velosipedda yurish uchun juda yaxshi joy hisoblanadi. Bog‘da I.A. Karimov nomidagi Sanʼat saroyi joylashgan. Shahar bo‘ylab sayr qilganda, yo‘lingizda milliy taomlar taklif etuvchi kafe va restoranlar sizning xizmatingizda bo‘ladi. Xushbo‘y hidi va ozgina o‘tkirligi bilan tanilgan Farg‘ona palovini tatib ko‘rib mazali taomidan albatta bahra toping.

Marg‘ilon

Ma’muriy markazdan 25 daqiqa yo‘l yurib Farg‘onaning qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri – Marg‘ilonga borishingiz mumkin. Shaharning eng mashhur diqqatga sazovor joylaridan qadimgi ikat texnikasidan foydalangan holda xon-atlas (100% ipakdan tayyorlangan mato) va adras (yarim ipak matodan) tabiiy matolarni ishlab chiqaradigan “Yodgorlik” fabrikasi hisoblanadi. 

Korxonaning asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, mato ishlab chiqarish qo‘l mehnatiga asoslangan. Shu sababli ushbu fabrikada ishlab chiqarilgan mahsulotlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda juda qadrlanadi. Fabrikaga har kim tashrif buyurish mumkin, mehmonlar uchun esa alohida ekskursiya tashkil qilinadi.

Marg‘ilonda yirik dehqon bozori, Marg‘ilon muzeyiga boring, Said Ahmad Xo‘ja madrasasi va Pir Siddiq majmuasini ziyorat qiling. Piyoda yurishdan charchagan vaqtda shoir Erkin Vohidov sharafiga ochilgan “Ijodkorlar bog‘i”da miriqib dam olishingiz mumkin.

Rishton

Marg‘ilondan 50 daqiqalik yo‘lda – “Markaziy Osiyoning kulolchilik ustaxonasi” – Rishton shahri joylashgan. Qadim zamonlardan beri shahar o‘zining keramika buyumlari bilan mashhur bo‘lib, uning sifati va bo‘yalishi barchani lol qoldirib kelmoqda.


Eng chiroyli sirlangan keramika yuz yildan ortiq vaqtdan beri kulolchilik san’atining me’yori bo‘lib  hisoblanadi. Ular mahalliy usta ko‘zagar kulollar tomonidan yasalgan.

Rishton kulolchiligining rasmlari har bir bezak va naqshlariga muallifning qalbidagi  mehrini joylab yasaganidan dalolat beruvchi muqaddas ma’noni anglatadi. Qoidaga ko‘ra, mualliflar ranglar palitrasi va naqshlaridan ko‘rinib turganidek, tabiatdan ilhom olishadi. Sevimli rang ko‘k rang bo‘lib, u hayotning boshlanishi va kelajakka ishonishni anglatadi.

Qo‘qon

Oh, Qo‘qon – mangu gullab-yashnagan, donolik va sheʼriyat maskani! Odamlarning aytishicha, bu shaharda 440 ta mahalla bo‘lib har birida shoirlar istiqomat qilishadi. Va bu ajablanarli emas, chunki shahar bir paytlar Qo‘qon xonligining markazi bo‘lgan, bu yerda ilm-fan, diniy taʼlim va sheʼriyat gullab-yashnagan.

Shahar markazida bosh meʼmoriy yulduz – Xudoyorxon saroyi joylashgan, bu old qismi chiroyli bezatilgan va hashamatli ichki bezaklari bilan mahobatli bo‘lgan binodir. Shaharda ko‘plab qadimiy masjidlar va madrasalar mavjud. Ular orasida Jomiy masjidi, Modarixon maqbarasi, Norbut Biya madrasasi, G‘ishtlik masjidi, Amir madrasasi va Dahmai Shahon maqbarasi bor.

Shuningdek, hunarmandchilik ustaxonalariga, Hamzaning uy- muzeyiga, Yangi Chorsu bozori va Qo‘qon o‘rmon bog‘iga tashrif buyuring. Agar siz XVIII-XIX asrlarning boy meʼmoriy merosiga ega bo‘lgan shaharda bo‘lishni istasangiz, unda Qo‘qonga tashrif unutilmas sayohat bo‘ladi.

Shohimardonning maftunkor tabiati

Farg‘ona viloyatining tabiati alohida bir voqea. Qadim zamonlardan beri rang-barang manzaralar farg‘onalik ustalar, yozuvchilar va sanʼatkorlarni ilhomlantirgan. Ehtimol, shuning uchun ham Farg‘ona sanʼati o‘ziga xos va jozibalidir.

Farg‘ona shahridan 55 km. uzoqlikda Shohimardon shaharchasi joylashgan. Uning o‘ziga xosligi shundaki, u 1550 metr balandlikda bo‘lib, Qirg‘iziston hududi bilan o‘ralgan. Ikki tomoni Oqsuv va Ko‘ksuv daryolari bilan yuvilib, oxir oqibat bitta yirik Shohimardon soyiga birlashgan Shohimardonning havosi juda toza va shifobaxshdir .

Afsonaga ko‘ra, bu joyning paydo bo‘lishi Muhammad payg‘ambarimizning kuyovlari to‘rtinchi xalifa Hazrat Ali bilan bog‘liq. Bu yerda xalifa dafn etilgan va joy muqaddas bo‘lgan deb ishoniladi. Bu hududda buyuk hukmdor sharafiga go‘zal meʼmoriy majmua, jumladan masjid va maqbara qurilgan.

Eng go‘zal burchaklardan biri bo‘lgan bu hudud tabiatining shaffofligi, tog‘ daryolari va shifobaxsh buloqlari, ajoyib qiyaliklari va do‘ngliklari bilan mashhurdir. Qishloqda shifobaxsh tog‘ iqlimi hukmronlik qiladi - bu butun tana uchun ham, nafas olish organlarini sog‘lomlashtirish uchun juda mos keladi.

Izoh

0

Izoh qoldirish

Fikr qoldirish uchun siz ijtimoiy tarmoqlar orqali kirishingiz kerak:


Tizimga kirish orqali siz qayta ishlashga rozilik bildirasiz Shaxsiy malumot

Yana ko'ring