Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari tarixi, san’ati va an’analari bilim xazinasi, ilhom va ma’naviy boylik manbaidir. Toshkentda hudud madaniyatini aks ettiruvchi noyob qadimiy va zamonaviy eksponatlarni saqlovchi ko‘plab zamonaviy va mashhur muzeylar ochilgan. Ko‘pgina muzeylarda eksponatlar xronologik tartibda taqdim etilgan, bu tashrif buyuruvchilar uchun juda qulay bo‘lib, ekskursiya paytida Sharq madaniyatining yuragiga tez va oson sho‘ng‘ish mumkin.
Mashhur eksponatlar orasida dunyoga mashhur san’at xazinalari ko‘p bo‘lib, ular muzeyga tashrif buyurgan har bir kishida unutilmas taassurot qoldiradi, masalan: toshdan yasalgan mehnat qurollari va qadimgi odamlarning ro‘zg‘or buyumlari; zardushtiylik davriga oid buyumlar; Yunon-Baqtriya podsholigining antik davrga oid artefaktlari, qadimgi ibodatxonalardagi budda haykallari, muqaddas Qur’onning noyob parchalari; o‘rta asrlar san’ati, turli davrlarning mashhur rasmlari, Rishton kulolchiligi namunalari; inqilobdan oldingi davr va hozirgi davrga mansub buyumlar.
Toshkent muzeylarida har yili ko‘plab odamlar noyob san’at kolleksiyalarini: milliy va mumtoz rangtasvir, sharq miniatyuralari, grafika, gravyura, freskalar, monumental va devoriy naqshlar, fotomateriallar, arab, fors, turkiy tillardagi yozma yodgorliklar, kitoblar, qimmatli qo‘lyozmalar, xattotlik ishlari, nodir va noyob toshbosma nashrlar, arxiv hujjatlarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, Toshkent muzeylarida xalq ijodiyoti asarlari, qadimiy me’morchilik va amaliy bezak san’ati buyumlari: naqshinkor sopol va chinni idishlar, ganchkor va o‘ymakor yog‘och ustunlar, haykaltaroshlik, milliy zargarlik san’ati, to‘qimachilik, gilamdo‘zlik va kashtachilik namunalari, musiqa asboblari, turli tarixiy davrlarga oid milliy kiyimlar va bosh kiyimlar, shuningdek, qadimgi va o‘rta asrlarga oid qurollar kabilar saqlanmoqda.
Toshkent muzeylariga tashrif buyurish hamisha yoqimli taassurotlar olish va dunyoqarashni kengaytirish imkoniyatidir.
Ko'proq
Yashirish
Ish vaqti: 9:00-18:00, Du-Ju
Savollar uchun